osim va haroratda uning bu qobiliyati juda ortib ketadi. Fizik xossalari. Vodorod – rangsiz, hidsiz, ta’msiz gaz. Suvda yomon eriydi: normal sharoitda 1 l suvda 21,5 ml eriydi. Ba’zi metallarda (nikel, palladiy, platina) yaxshi eriydi. U eng yengil gaz, havodan 14,5 marotaba yengil. Kimyoviy xossalari. Odatdagi haroratda molekular vodorodning faolligi katta emas. Atomar vodorod esa juda faoldir. Vodorod deyarli barcha metallmaslar bilan uchuvchan birikmalar hosil qiladi. Metallmas faolligiga qarab reaksiya tez yoki sekin sodir bo‘ladi. 1. Ftor bilan xona haroratidayoq birikadi: H2 + F2 = 2HF. 2. Xlor bilan yorug‘likda tez, qizdirilganda portlab reaksiyaga kirishadi (qorong‘ida va qizdirilmaganda sekinroq birikadi): H2 + Cl2 = 2HCl. 3. Odatdagi haroratda kislorod bilan ta’sirlashmaydi. 2:1 hajmiy nisbatdagi vodorod va kislorod aralashmasi «qaldiroq gaz» deb ataladi va tashqi ta’sir natijasida portlab reaksiyaga kirishadi. Vodorod kislorodda yonadi: 2H2 + O2 = 2H2O. Bu reaksiya natijasida harorat 3000°C ga yetishi mumkin. 4. Ko‘p metallmaslar bilan yuqori harorat, bosim yoki katalizator ishtiro- kida reaksiyaga kirishadi (masalan, oltingugurt yoki azot bilan): N2+3H2=2NH3. 5. Yuqori haroratlarda vodorod metallarni ularning kislorodli birikmalari – oksidlaridan qaytaradi (siqib chiqaradi): CuO + H2 = Cu + H2O (30-rasm). 6. Ishqoriy va ishqoriy-yer metallar yuqori haroratda vodorod bilan tuzsimon birikmalar – gidridlarni hosil qiladi: 2Na + H2 = 2NaH. Atom holatidagi vodorod oltingugurt, mishyak, fosfor, kislorod bilan xona haroratida reaksiyaga kirisha oladi.